Sahobalar (arab. — hamroh, doʻst) — Muhammadning safdoshlari, yaqin yordamchilari. Keyinchalik Muhammadni loaqal bir marotaba, garchi goʻdaklik chogʻida boʻlsa ham koʻrgan barcha kishilar S. deb atala boshlagan. S. Arabistondan tashqaridagi oʻlkalarni fath etishga kirishgan ilk musulmon qoʻshinining oʻzagini tashkil etgan. S.ning oliy qatlamini muhojirlar va ansorlar tashkil qilgan, ular dastlabki xalifalarni saylashga taʼsir koʻrsatganlar, ularni noiblik va oliy darajadagi lashkarboshilik mansablariga tayinlashgan. S.ning islom tarixidagi alohida ahamiyati shundaki, Muhammad vafot etganidan soʻng, uning taʼlimotini hammalari bir boʻlib saqladilar. S.ning Paygʻambar soʻzlari va ishlari haqidagi hikoyalari (hadislar), shuningdek, shaxsiy oʻrnagi va fikri islom axloqiy taʼlimoti — sunnaning eng muhim tarkibiy qismini tashkil etdi. S.ga boʻlgan hurmat, ehtirom keyinchalik ularning qabrlarini eʼzozlashga va fazilatlari haqida asarlar paydo boʻlishiga olib keldi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil