Bozuband
Bozuband, bozband, bozvant — ziynat buyumi, ayollar taqinchogʻi. Boʻyin yoki qoʻltiqqa osib yuriladi. Shakli: ikki uchi qubba bilan yakunlangan naychasimon yoki bir-biriga tegib ketmasligi uchun ingichka jiyak bilan birlashtiriladigan ikkita (biri quti, ikkinchisi qopqoq) toʻrtburchak yoki uchburchak yupqa oltin yoki kumush plastinkadan yasalgan quticha; ikki cheti (uchburchak boʻlsa, ustki burchi)ga zanjir (2 — 5 qator), pastiga kalta sim panjara bezak yoki shokilalar oʻrnatiladi; suqma — mix boʻlakcha yordamida ochib yopiladi. B. yuzasi bosma, shabaka (panjara), sovotkori, simkori usulida nafis bezatiladi, qimmatbaho toshlar, rangdor shisha, marjonlar qadab naqshlanadi, bezak mujassamotiga yozuvlar kiritiladi. B. oʻta mehnattalab, hashamdor va nozik buyum boʻlganligi uchun gʻoyat qadrlangan, hatto qizlarning kelinlik sepiga ham kiritilgan. Toshkent, Andijon, Qoʻqon, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi yirik shaharlarda tayyorlangan, chet mamlakatlarga ham chiqarilgan. U tumor deb ham yuritiladi. 20-asrda urfdan qolgan. Hozir oʻzbek raqqosalarining milliy kiyimlari tarkibiga kirgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |