Qum ustoni
Uston | |
---|---|
Maʼmuriy markazi | Qum |
Yirik shahari | Qum, Koʻhak, Ja’fariya, Dastjerd |
Rasmiy tili | forscha |
Aholi | 1 046 737 |
Maydoni |
11 526 km² (oʻ %) |
Xaritada | |
34°38′44″N 50°52′47″E / 34.64556°N 50.87972°E |
Qum ustoni Eronning markazida joylashgan boʻlib, mamlakat maydonining 0,68%ini egallaydi. Ushbu uston dengiz sathidan 877,4 m. balandlikda joylashgandir. Qum ustoni shimoldan Tehron ustoni, sharqdan Simnon ustoni, janubdan Isfahon ustoni, gʻarb va janubi-gʻarbdan Markaziy ustoni bilan chegaradoshdir. Viloyatda 1 ta tuman, 5 ta baxsh, 9 ta qishloq va 6 ta shahar mavjud. Qum, Koʻhak, Ja’fariya, Dastjerd ustonning muhim shaharlaridandir.
Etnik tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixning turli davrlarida har xil guruhlardan iborat qabilalar Qum mintaqasiga koʻchib kelganlar. Mazkur qabilalar Kosho, Husayinobod, Meshmast, Qalamrud katta trassalari uzra Havzi Sulton dengizining qirgʻoqlarida hamda 670 000 gektar kenglikdagi hududga tarqalgan. Qum ustonining bu kengliklarida yaylovzorlarga ega bir qancha qishloqlar ham mavjud boʻlib, u yerda baʼzi qabilalar omborga oʻxshash makonlarda ham kun kechirishadi. Bu mintaqada yashovchi qabila va elatlar mahalliy aholi boʻlmay ularning koʻpchiligi Eronning boshqa mintaqa va joylaridan bu yerlarga kelishgan. Qum ustonida hayot kechiruvchi qabilalar asosan Zand, Sayfi, Dorugʻa, Husayni, Garshosbiy, Gurgul, Ja’fariy, Siddiq va Posloriy kabi urugʻlardan tashkil topgan.
Iqlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qum ustonining yozlari issiq va uzun, qishlari esa sovuqdir. Viloyat dengizdan uzoqda joylashgani sababli havoning namligi va yogʻinlar kamdir. Valijo va Taxti Sari Havz togʻlari viloyatning eng muhim togʻlaridandir. Togʻlar tabiiyki uston ob-havosi haroratining oʻzgarishida muhim rol oʻynaydi. Uston janubi va gʻarbidagi togʻli hududlarning ob-havosi markaziy va janubiy qismlardagi ob-havodan moʻtadilroqdir. Qum ustonining atrofi Zagros va Elburs togʻ tizmalari bilan oʻralgan va togʻlar sababli viloyatning markaziy hududlariga namli havo kirmaydi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havo haroratining yuqoriligi va issiq quruq shamollar sababli bugʻlanish miqdori ortib boradi. Buning natijasida uston hududida choʻl yerlar koʻpdir. Choʻl hududlari ustonning shimoli, shimoli-sharq, sharq va janubi-sharqida joylashgandir. Yilning sovuq fasllarida Osiyo qitʼasining shimoliy qismidagi parrandalar Qum ustonining choʻlli hududlariga uchib oʻtadilar. Oʻsimlik olami ham ustonning iqlimiga xosdir. Yogʻin miqdori parlanish miqdoridan kamroqdir. Shunga asosan, oʻsimliklar ham suv tanqisligi, havoning quruqligi, yerning shoʻrligi kabi tabiiy hodisalarga moslashgandir. Qum ustonida oʻrmonlar juda ham kam. Shu oʻrinda, sunʼiy oʻrmonlar, asosan, parklar shaklida boʻlganini hisobga olsak haqiqiy oʻrmonlarning oʻrnini bosa olmasligi aniq. Shuningdek, ustonda yaylovlar mavjud boʻlib, ularning eng balandi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda va eng pasti dengiz sathidan 790 metr balandlikda Namak koʻli sohillarida joylashgan. Ushbu yaylovlarning 39%i togʻ va togʻ yonbagʻrilarida, qolganlari dashtlarda joylashgandir.
Daryolari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qumrud daryosi va Qarechoy daryosi hamda Namak koʻli va Havzi sulton koʻli ustonning eng muhim suv havzalaridir. Qumrud Xonsor togʻlaridan boshlanib, Isfahon va Markaziy ustonlaridan oʻtib, Qum viloyatiga kiradi. Qarechoy daryosi Arok viloyatining Shozand togʻlaridan boshlanib, Markaziy ustoni va Hamadon ustonidan oʻtib shimoli-gʻarb tomondan Qum ustoniga kiradi.
Koʻllari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xavzi Sulton koʻli va Namak koʻli yilning issiq fasllarida, suvning kamligi va parlanishi miqdorining yuqoriligi bois quriydi va yerning yuzasida qalin tuz qatlami vujudga keladi.
Nomlanish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qum ustonining nomlanishi haqida turli taxminlar mavjud. Ularning orasida eng mashhuri „Quma“ („yonma-yon joylashgan kichik uylar“) soʻzining oʻzgargan koʻrinishidir. Bosqa bir taxminlarga binoan, Qum shahri ustondagi „Kamiron“ deb nomlangan hududning oʻzgargan koʻrinishidir. Qum shahri nomini afsonaviy shohlardan Tahmurasaga bogʻlashadi. Ushbu shahar hijriy-qamariy 189-yili (milodiy 809-y.)da Isfahondan ajralib chiqdi. Islom dini Eronga kirib kelishining ilk davrlarida bu yerga koʻpgina sayyidlar koʻchib keldi. Hijriy-qamariy 200-yil (milodiy 815-y.)da Imom Rizo va hijriy-qamariy 201-yil (milodiy 816-y.)da uning turmush oʻrtogʻi Qum shahriga safar qiladilar va bu hodisalar Qum shahrini shia olami markaziga aylanishiga sabab boʻladi[1].
Diqqatga sazovor joylar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ustonning diqqatga sazavor joylari quyidagilardan iborat: Hazrati Maʼsuma saroyi, Jamkaron muqaddas masjidi, Vashnuh gʻori, Koʻhakdagi Mulla Sadro uyi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 179-180-bet. ISBN 978-600-9675-31-3.