Zenon aporiyalari
Zenon harakatga oid falsafiy fikrini qat’iy himoya qilgan. Uning bu aqidasi «Chopqir Axilles» deb nom olgan. «Axilles qay darajada chopqir bo‘lmasin va oraliqdagi masofa qancha bo‘lishidan qat’i nazar, u hech qachon toshbaqani quvib yetolmaydi, — deydi Zenon. — Chunki bizning harakat xususidagi tasavvurlarimiz yolg‘ondir. Isbot: Axilles toshbaqagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tarkan, bu vaqtda toshbaqa ham yurishdan to‘xtamaydi. Bu holat cheksiz davom etishi mumkinligini inobatga olsak, cheksiz masofani bosib o‘tish uchun chegarasiz vaqt kerak bo‘ladi. Shunday ekan, harakat haqida so‘zlashga o‘rin qoladimi? Bundan tashqari, tabiiyki, Axilles va toshbaqa o‘rtasida bir necha gaz va chaqirimlik «masofa» mavjud. Ana shu oraliq masofa Axilles va toshbaqani bir-biridan ajratib turadi. Agar Axilles quvib yetib olsa-yu, toshbaqa bilan uning orasidagi masofa atigi bir necha mikronga yoxud molekulalar uzunligidagi o‘lchamga teng bo‘lib qolsa, buni masofa, deb atash mumkinmi? Zenon bu borada shunday farazni ilgari suradi: «Tasavvur qiling: harakatdagi jism olg‘a borarkan, qarshisidagi havoni ham oldinga itaradi. Demakki, u xuddi tiqin (porshen) kabi ro‘parasida uchragan barcha buyumlarni ham ilgari surib ketaveradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Axilles ham toshbaqaga yaqinlasha borib, uni ozgina bo‘lsa-da, oldinga itaradi. Axilles qanchalar tez yugursa, toshbaqaga shuncha kuchli ta’sir etadi. Natijada toshbaqa hamma vaqt Axillesdan ilgarida ketaveradi. Xo‘sh, bu qanday harakat bo‘ldiki, chopqir Axilles loaqal imillagan toshbaqani ham quvib yetolmasa?»