Kontent qismiga oʻtish

Folklorshunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Folklorshunoslik - xalq ijodi haqidagi fan. Folklorshunoslikka turli davrlarda va turli mamlakatlarda etnografiya, adabiyotshunoslik, musiqashunoslik, antropologiya va sotsiologiyaning bir qismi sifatida qaralib kelingan. Keyinchalik xalq sanʼatini (xalq ogʻzaki ijodi, musiqa folklori, raqsi, teatri, sirki kabi) oʻrganuvchi mustaqil va maxsus fan sifatida rivojlanadi. Filologiya va sanʼatshunoslik fanlari bilan uzviy bogʻliqdir. Folklorshunoslikning asoslari qadimgi dunyo estetik tafakkuriga borib taqaladi. Qadimgi dunyo sayyohlari va tarixchilarining afsona va rivoyatlari, turli urf-odat va marosimlar haqidagi qaydlari, yozuvchi va bastakorlarning folklor toʻgʻrisidagi dastlabki fikrlari Folklorshunoslik uchun muhimdir. Turkiy xalqlarda folklor materiallarini yozib olish boʻyicha dastlabki tajribalar 11-asrdan boshlab koʻzga tashlanadi (Maxmud Koshgʻariynit "Devonu lugʻotit turk" asaridagi folklor materiallari). Shu bilan birga, yozuvchi va shoirlar tomonidan ertaklar, miflar, afsona va rivoyatlarni qayta ishlash jarayoni ham boshlandi. 18-asr va 19-asr boshlarida folklorga nisbatan ilmiy qiziqishning kuchayishi, xalq ogʻzaki ijodi materiallarini toʻplash va nashr etish jadal rivojlanishi bilan bogʻliq holda uni chinakamiga oʻrganish boshlandi. Natijada Yevropa va Rossiya folklorshunosligida turli yoʻnalishlar, maktablar yuzaga keldi. Shunday maktablardan biri mifologik maktab boʻlib, folklor janrlarining yuzaga kelishini qadimgi miflarga bogʻlaydi. Maʼrifatparvarlar esa, folklorning demokratik va sinkretik xarakterini, undagi umuminsoniy va milliy xususiyatlar birligini oʻrganishga alohida eʼtibor berdilar.

19-asr oʻrtalaridan boshlab folklorni ilmiy prinsiplar asosida toʻplash va nashr etishning yanada kuchayishi Folklorshunoslikda yangi yoʻnalish — "sayyor syujetlar" nazariyasini yuzaga keltirdi. Bu nazariya tarafdorlari oʻxshash syujet, motiv va obrazlardagi murakkab jarayonlarni hisobga olmay, ularni bir xalqdan ikkinchi xalqning shunchaki oʻzlashtirishi, deb talqin qildilar. Antropologik maktab tarafdorlari esa, xalq ijodidagi oʻxshash hodisalarni turli millat va irqlarning umumiyligi bilan izohlamoqchi boʻldilar. Ijtimoiy hodisalarni bunday biologik qonunlar asosida tushuntirishga urinish hozirgi zamon Folklorshunosligida turli-tuman oqimlarni (freydizm, neomifologizm va boshqalaeni) yuzaga keltirdi. Folklorni xalq tarixi bilan bogʻliq holda oʻrganishda tarixiy maktab vakillari katta ishlar qildilar. Folklor asarlari syujetlarining tarixiygeografik tarqalish arealini belgilash, ularni tasniflash, sistemaga solish va kataloglashtirishda fan maktabi vakillari ham birmuncha yutuqlarga erishdilar.

Hozirgi paytda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarda folklor sektorlari mavjud. Shuningdek, turli mamlakatlarda xalqaro yoki muayyan mintaqa boʻyicha har xil jamiyatlar ham bor. Masalan, YUNESKO huzuridagi Etnologiya va folklor xalkaro jamiyati, Xalq musiqasi xalqaro kengashi, Folklor oʻrtoqlik jamiyati kabilar shunday ilmiy tashkilotlardir.

Oʻzbek folklori namunalarini toʻplash va nashr etish ishlari 19-asrning 2-yarmidan boshlab ahyon-ahyonda koʻzga tashlanib tursada uni chinakamiga toʻplash va nashr etish ishlari 1919-yildan yoʻlga qoʻyila boshlandi. Yangicha yoʻnalishda shakllana boshlagan oʻzbek Folklorshunosligining dastlabki bosqichi (1918—1925 yillar) oʻsha davr sharqshunosligi va oʻlkashunosligi erishgan yutuqlarni izchillik bilan oʻzlashtirishga intilish, folklor materiallarini jadal jamlash, xalq hayoti va maishiy turmushining barcha tomonlariga kirib borishga urinish bilan ajralib turadi. Bunda Gʻozi Olim, Gʻulom Zafariy va Elbeklarning faoliyatlari muhim ahamiyatga ega boʻldi. 20-yillarning 2yarmidan boshlab yana xam jiddiy yutuqlar qoʻlga kiritildi. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan shoir kabi atoqli dostonchilar aniqlandi. Ular ijrosida birinchi marta epik asarlar toʻla yozib olina boshladi, xalq sanʼatkorlariga ijodkor sifatida qarab, original kuzatishlar olib borildi. Bu ishda oʻzbek folklorshunosligi oʻzining mustahkam ilmiy yoʻnalishiga ega boʻldi, uning asosi yaratildi.

30-yillarda Folklorshunoslikga B.Karimov, Sh.Rajabov, M.Afzalov, M.Alaviya, Z.Husainova kabi folklorshunoslar kelib qoʻshildilar. Folklorni toʻplash va oʻrganishga, bir qancha epik asarlar hamda xalq ijodi namunalarini nashr etishga alohida eʼtibor berildi, folklor boʻyicha xrestomatiya va oʻquv qoʻllanmalari tuzildi. Bu davrda xalq teatri, raqsi va tomosha sanʼati (sirki)ni oʻrganish boshlandi. Gʻ.Zafariy, A.Qodiriy, M.Gavrilov, A.Borovkov, A.Troitskaya va boshqalar bu soxada samarali ijod qildilar. Musiqa xalq sanʼatini oʻrganishda esa V.Uspenskiy, Ye.Romanovskaya, N.Mironov, Ilyos Akbarov, Yunus Rajabiy va boshqalarning hissalari katta.

Ikkinchi jahon urushi yillarida jangchilarni vatanparvarlik va qaxramonlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi folklor asarlariga katta ahamiyat berildi, bu davrda V.M.Jirmunskiy va H.Zarifovlarning "Oʻzbek xalq qahramonlik eposi" kitobi yaratildi va Moskvada nashr etildi (1947) mufassal bayoni 1958-yilda Germaniyada nemis tilida ham bosilib chiqdi.

60-yillarning oxirlaridan boshlab, xususan, mustaqillik yillarida folkloristik ishlarning miqyoslari yanada kengaydi, ekspeditsiyalar uyushtirish doimiy ravishda yoʻlga qoʻyildi, nisbatan yirik, miqyosan keng, fundamental ishlarni yaratishga intilish kuchaydi. Folklorning turli janrlariga bagʻishlangan monografiyalarning yaratilishi, "Oʻzbek folklori ocherklari", "Oʻzbek xalq ijodi boʻyicha tadqiqotlar" nomida turkum toʻplamlarning yuzaga kelishi, "Uzbek xalq ijodi", "Bulbul taronalari", "Alpomish" dostonining akademik nashri kabi ulkan nashrlarning amalga oshirilishi bunga yorqin misoldir. Bu ishlarni amalga oshirishda H.Razzoqov, T.Gʻoziboyev, O.Sobirov, J.Qobulniyozov, M.Saidov, M.Murodov, A.Qahhorov, X.Egamov, T.Mirzayev, K.Imomov, Gʻ.Jalolov, B.Sarimsoqov, O.Safarov, S.Roʻzimboyev, M.Joʻrayev, A.Musaqulov kabi folklorshunoslarning hissasi nihoyatda katta boʻldi. Sanʼatshunos olimlar F.Karomatov, M.Qodirov, R.Abdullayevlar Oʻzbekistonda musiqa va teatr Folklorining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.